Shakldosh so‘zlar. Шаклдош сўзлар / сузлар.
Aytilishi va yozilishi bir xil bo‘lib, turli atash ma’nolarini bildirgan so‘zlarga shakldosh so‘zlar deyiladi.
Shakldosh so‘zlar bir qarashda ko‘p ma’noli so‘zlarga o‘xshab ketadi. Ularni bir-biridan farqlash kerak. Ko‘p ma’noli so‘zlar bir so‘zni o‘z va ko‘chma ma’nolarida qo‘llashdan hosil bo‘ladi. Shakldosh so‘zlar esa shakli o‘xshash ikki va undan ortiq so‘zlardir. |
1-mashq. Tuyuqni o‘qing. Shakldosh so‘zlarni aniqlab, ma’nosini tushuntiring. Bu she’rdan o‘zingizga qanday xulosa chiqarganingizni ayting.
Yoshliging g‘animat, bolam, o‘sib, un
Chiqarma behuda sado hamda un.
Ko‘r, quyosh tig‘ida va tegirmonda
Ezilib, so‘ng aziz bo‘ldi bug‘doy – un.
(A. Abdumalikov)
2-mashq. Gaplarni o‘qing. Shakldosh so‘zlarni toping. Ma’nosini tushuntiring.
1. Sen ham pastroqqa tush endi. 2. Tushimda alahsiraganman, shekilli. (M. Mahmudov) 3. Chang-to‘zon mashina oynasiga urilib, yo‘lni ko‘rsatmay qo‘yar edi. 4. Bastakor changda qandaydir kuy chalar edi.
3-mashq. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning shakldoshlarini toping.
1. Belni aldab-aldab ishga solmasak bo‘lmas. (S. Ahmad) 2. Qing‘ir ish qirq yildan keyin ham fosh bo‘laveradi. (Hikmatlardan) 3. Go‘ro‘g‘li och qoldi, enasiga qarab bir so‘z dedi. (Dostondan) 4. Idoraga uch, senga ham pul katta. (Sh. Toshmatov)
4-mashq. Quyida berilgan shakldosh so‘zlarning ma’nosidagi farqni tushuntiring.
Namuna: gulla´r – gu´llar. Bahorda har xil gulla´r ochilgan. Hammadan oldin bodom daraxti gu´llar.
olma´ – o´lma ko‘zla´r – ko´‘zlar bog‘la´r – bo´g‘lar
Savol va topshiriqlar
- Shakldosh so‘zlar deb qanday so‘zlarga aytiladi?
- Shakldosh so‘zlarning ko‘p ma’noli so‘zlardan farqini tushuntiring.
- Shakldosh va ko‘p ma’noli so‘zlarga ikkitadan misol keltiring.








