Iltijo (To‘ra Sulaymon)

0

Iltijo (Tura Sulaymon). Илтижо (Тўра/Тура Сулаймон).


ILTIJO

Bahor kelsa boshlanar bog‘da bulbul xonishi,
Sa’va, qumri nag‘masi, suralay1 tovlanishi.
Qirlarda lola sayli, qishlovlarda2 yilboshi,
To‘xtagay tabiatdan haqqushlar zorlanishi –
Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Qilmishi qing‘ir zotga davr qayda, davron qayda?
Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?
Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?
Bahor, sensiz sahro-yu, tog‘-u toshga jon qayda?
Ketma, bahor, mening bog‘imdan.

O‘lmaslikka ishora – o‘langa oshiqligim,
Saodatga ishora – zamonga oshiqligim,
Teranlikka ishora – ummonga oshiqligim,
Go‘zallikka ishora – bo‘stonga oshiqligim –
Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Bukun qay bir yerda qish, qayda xazonrezgilik,
Qaylarda yoz, qayda kuz, qayda jondan bezgilik,
Ko‘klamning har nafasi umrga arzigulik,
Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…
Ketma, bahor, mening bog‘imdan.

Giyoh bilan qoplanmish ko‘hna qabr boshlari,
Maysadagi shudringlar kimlarning ko‘zyoshlari?
Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari,3
Har bahor eslar uni qavmi qarindoshlari –
Bahor, ketma mening bog‘imdan.

Yoz bo‘yi qorga zorman, qishda bahorga zorman,
Chamanda gul bo‘yiga intiqman, intizorman,
Kuz kelmay xazon bo‘lgan sevgi, guldan bezorman,
Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman4 –
Bahor, ketma mening bog‘imdan.

To‘ra Sulaymon hayoti va ijodi

She’riyatda milliy badiiy tafakkurning noyob jilvalarini namo yish qilgan G‘afur G‘ulomning “Vaqt” she’ri tahlili yodingizda bo‘lsa ke rak. Unda shoirning kichik hayotiy detallardan katta umumlashmalar yasay olish fazilatiga urg‘u bergan edik. Shoir, tomchida dengiz aks etganidek, lahzada abadiyat suratini chizgan edi.

To‘ra Sulaymonning “Iltijo” she’ri, chetdan qaraganda, yil fasl laridan biri – go‘zal bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida, darhaqiqat, kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi.

Biroq ikkinchi banddan shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassami, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.

Shoir “Bahor, sensiz sahro-yu tog‘-u toshga jon qayda?” – der ekan, bu sahro – beminnat makon qidirib sargardon kezgan vatangado kimsalarning, tog‘-u toshlar – qilmishi qing‘ir zotlarning ramziy ifodasi ekanini ilg‘aymiz. Demak, bu zotlarning bahori yo‘q. Ular o‘z umri bahoriga mensimay qaragan, unga noshukrlik qilgan, bahorini toptagan kimsalardir. Ular hayot bahorini xazonga almashganlar.

Agar hayotiy qiyoslarga o‘tadigan bo‘lsak, beminnat makon ilinjida tog‘-u toshlarda uya qurgan, sahrolarda kezib yurgan, o‘z yurti va yurtdoshlari hayotiga zomin bo‘layotgan jangari – terroristik guruhlar vakillari xuddi shunday kimsalar emasmi? Agar shunday desak, To‘ra Sulaymon she’ridagi Bahor – Vatan, barcha tiriklikka jon ato etguchi muqaddas yurt timsoli hamdir!

Shu nuqtayi nazardan she’rning to‘rtinchi bandini qayta o‘qisak, unda eslangan har bir fasl nomida ham ramziy ma’no borligiga shohid bo‘lamiz. Darhaqiqat, dunyoning bizning yurtimizdek tinch, osoyishta hududlarida yilning to‘rt fasli bunyodkorlik, ezgulik yumushlari bilan kechadi. Bunday ellarda qishning qirovli kunlarida ham qor ostida “shivirlar bahor” (Oybek misrasi). Yurtida va yuragida bahor kezib yurgan shoir uchun ham “ko‘klamning har nafasi umrga arzigulik!”

Afsuski, Yer yuzining qator mamlakatlarida yashayotgan insonlar qalbiga na bahor, na yoz go‘zalligi tatiydi, ular uchun kuz saxovati ham, kumush qish ziynati ham begona. Chunki har turli balo-qazolar – urushlar, ommaviy ochlik va muhtojliklar, bedavo kasalliklar, diniy hamda irqiy asosdagi nizolar ular turmushini zulmatga chulg‘aydi. Mana shu ko‘rguliklardan boshi chiqmaydigan yurtlarni nazarda tutib shoir:

Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…
Ketma, bahor, mening bog‘imdan, –

deya iltijo qiladi.

Uning ona diyorida kezayotgan bahor esa ko‘hna qabr boshlarini ham yam-yashil giyoh bilan qoplaydi. Jonsiz xotiralar tirilib, dalalar bag‘ridan o‘tmish otalar mingan ot dupurlari sadosi eshitiladi. Maysalarga qo‘ngan shudring – shudring emas, balki armonli umr egala rining ko‘zyoshlaridir.

Yuqorida jazm etib chiqargan xulosalarimiz to‘g‘ri ekanini she’rning so‘nggi bandi yana bir bor tasdiqlaydi. Shoirning “Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman” degan e’tiro she’rda bahor obraziga jo qilingan teran mazmun-mohiyatga ishoradir.


  1. Suralay – patlari rang-barang qush turi.
  2. Qishlovlar – qishloqlar.
  3. Uzangidoshlari – yor-do‘stlari, birga ot chopishgan jo‘ralari.
  4. Benazarman – e’tibordan, nazardan qolgan.

Savol va topshiriqlar

  1. “Iltijo” she’riga nega bunday sarlavha qo‘yilgan?
  2. Shoir bahorning o‘z bog‘idan ketmasligini nimaga bunchalar istaydi?
  3. “Qirlarda lola sayli, qishlovlarda yilboshi” qachon boshlanadi?
  4. Nega “o‘langa oshiqligim” – “o‘lmaslikka ishora” deyilmoqda? Bu yerda qanday o‘lim to ‘g‘risida gap boryapti?
  5. “Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik…” misrasini izohlashga Siz ham harakat qiling. Bog‘ va bog‘bonning ezgulikka hamroh ekanini qanday isbotlash mumkin?
  6. “Yoz bo‘yi qorga zorman, qishda bahorga zorman” misrasida inson xarakterining qanday xususiyatiga ishora qilinyapti?
  7. “Iltijo” she’ridan o‘zingiz tanlagan ikki bandni yod oling.
Previous articleTo‘ra Sulaymon hayoti va ijodi