Ishqiy-qahramonlik dostonlari – Xalq og‘zaki ijodi. Ишқий-қаҳрамонлик достонлари – Халқ оғзаки ижоди. Ишкий-кахрамонлик достонлари – Халк огзаки ижоди.
Doston xalq og‘zaki ijodi va o‘zbek mumtoz adabiyotida keng foydalanib kelinayotgan epik shakllardan biridir. «Doston» so‘zi xilma-xil ma’noni bildirib kelgan. Masalan, «doston» forschada epik asar nomini anglatadigan so‘z bo‘lib, u hatto qissa, romandek katta nasriy asarlarga ham nisbat beriladi. Siz bilan biz o‘rganayotgan doston esa xalq og‘zaki ijodida yaratilgan va yaratilayotgan muayyan kompozitsion yaxlitlikka ega bo‘lgan xalq dostonlaridir. Ular yozma adabiyotdagi «Suhayl va Guldursun», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» kabi dostonlardan fantaziya ko‘lami, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar, aql bovar qilmaydigan qahramonliklar tasviri bilan farq qiladi. To‘g‘ri, yuqorida nomlari tilga olingan dostonlarda ham fantastik unsurlar, mubolag‘ali o‘rinlar mavjud. Biroq ularning birortasi sujet erkinligi, favqulodda qiziq voqealar borasida xalq dostonlari bilan tenglasha olmaydi.
Dostonlarimizda xalqimizning baxtli kunlar, ro‘shnoliklar haqidagi orzu-umidlari, faqat yaxshilikka, yorug‘ kunlarga erishish istagi yotadi. E’tibor bersangiz, dostonlar muvaffaqiyatli yakun bilan tugaydi. Asar qahramonlari juda katta fojialarni, qiyinchiliklarni boshlaridan kechiradilar, og‘ir sinovlarga bardosh beradilar, oxir-oqibat murod-maqsadlariga erishadilar.
Xalq dostonlarining ko‘pchiligiga xos xususiyat – ularda ishqmuhabbat mavzusining ustunligidir. Dostonlardagi voqealar qahramonlarning ishqiy sarguzashtlari fonida kechadi. Masalan, dunyoga mashhur «Alpomish»ni olasizmi, «Ravshan» yoki «Kuntug‘mish» dostonlarini olasizmi – bari-barisida muhabbat mavzusi ustuvorlik qiladi. Darhaqiqat, muhabbat – muqaddas tuyg‘u. Bekorga xalqimiz «Ishqsiz eshak – dardsiz kesak», demaydi. Sevimli shoiramiz Nodirabegim ta’biri bilan aytganda esa:
«Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et».
Muhabbat insonni ezgulikka yetaklaydi, sevgan kishi har qanday qahramonlikka qodir hisoblanadi. Biz o‘rgangan «Kuntug‘mish» dostoni sevishganlar haqida chiroyli asar, uning janrini ishqiy qahramonlik dostoni, deb belgilash mumkin.
Chunki Kuntug‘mish dostonda katta qahramonliklar ko‘rsatadi: yurtga qiron keltirgan ajdarni yengadi, tosh bostirib qo‘yilgan kigiz ostidan chiqib ketadi. Bu qahramonliklar shunchaki o‘zini ko‘rsatish emas, avvalo xalqni ajdar ofatidan qutqazgan bo‘lsa, sevikli yori, bolalarini deb g‘oyat tang bir holatda yovlari o‘rab-chirmab, ustidan tosh bostirib ketgan kigiz orasidan xalos bo‘lib chiqadi.
Umuman, Kuntug‘mishning dostondagi hayoti qahramonlik bilan kechadi. Uning Xolbeka visoliga yetishish uchun uzoq safarga otlanishi, yo‘lidagi barcha to‘siq-g‘ovlarni yengishi haqiqiy insoniy jasorat, fidoyilikdir. Dostondagi Xolbeka, Gurkiboy va Mohiboy harakatlarida ham qahramonlik belgilari mavjud. Axir Xolbekaning sevgan yori, bolalari uchun jonini berishga tayyorligi, Gurkiboyning ukasi uchun o‘zini fido qilishga shayligi (uning dor ostidagi so‘zlarini eslang) qahramonlik emasmi?!
Birgina «Kuntug‘mish» dostoni emas, boshqa dostonlarda ham asar personajlari turli qahramonlik namunalarini ko‘rsatadilar, bu qahramonliklar odamlarning og‘irini yengil qiladi, el-yurtga ro‘shnolik keltiradi. Baxshi bobolarimiz sevib kuylagan «Kuntug‘mish» kabi ishqiy-qahramonlik dostonlari bizni muhabbatdek ezgu tuyg‘uni qadrlashga undaydi, fidoyilik, qahramonlikka chorlaydi, chunki ishq-muhabbat, qahramonlik, jo‘mardlik doimo egizak tushunchalardir.
Savol va topshiriqlar
- Xalq dostonlari haqida nimalar bilasiz?
- Dostonchilik maktabini yaratgan qaysi mashhur baxshilarni bilasiz?
- Dostonchilik maktablari qachon paydo bo‘lgan va qaysi asr uning juda rivojlangan davri bo‘lgan?
- Yurtimizda dostonchilikni rivojlantirish, baxshilar ijodini qo‘llab-quvvatlash uchun nima ishlar qilinyapti?
- «Kuntug‘mish» dostonini ko‘proq qaysi baxshilar ijro etganlar?
- Siz tanishgan «Kuntug‘mish» dostoni qaysi baxshidan yozib olingan? Baxshi haqida nimalar bilasiz?
- Kuntug‘mish o‘n to‘rt yoshgacha nimalar bilan shug‘ullandi, o‘n to‘rt yoshdan so‘ng qaysi amallarni egalladi?
- Xolbeka kimning farzandi? Uning kamolga yetguncha bo‘lgan hayotini batafsil gapirib bering.
- Kuntug‘mish va Xolbeka g‘ayritabiiy sharoitda (tushda) tanishadilar. Shunga o‘xshash holatlarni (tush, ko‘zgu, uzuk orqali tanishish) yana qaysi dostonlarda uchratgansiz?
- Zangar shahri podshosi Xolbekaga oshiq bo‘lib, o‘z niyatiga erishish uchun qanday «choralar» ko‘rdi?
- Kuntug‘mishning Xolbeka suratini ko‘rib, hushidan ketib yiqilishi holatini tasvirlashda Ergash Jumanbulbul qaysi badiiy unsurni qo‘llagan, deb o‘ylaysiz?
- Qosim Kuntug‘mishni halokatdan saqlab qolish uchun qanday chora ko‘rdi?
- «Shirxo‘ra» so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
- Kuntug‘mish asarda yana qaysi nom bilan eslanadi?
- Azbarxo‘ja Kuntug‘mishni halok qilish uchun qanday hiyla ishlatdi?
- Kuntug‘mish o‘g‘illari ismlarining ma’nosi: Gurkiboy va Mohiboy so‘zlari nimani anglatadi? Sababini tushuntiring.
- Adabiyot daftaringizga shevaga oid so‘zlarni yozib oling va ularni adabiy tildagi shakli bilan taqqoslang.
- Doston matnidan hikmatli so‘zlar, maqollar darajasidagi yoki ularga yaqin iboralarni toping. Ularning ma’nosini tushuntirishga harakat qiling.
- Dostondagi qahramonlarning qaysi sifatlaridan ibrat olish mumkin, deb o‘ylaysiz?
- Ishqiy-qahramonlik dostonlari deganda qanday asarlarni tushunasiz?
- O‘zbek dostonlarining yakunlovchi qismiga xos xususiyat nima?
- Ishqiy-sarguzasht va ishqiy-qahramonlik dostonlarining farqi nimada ekanligini tushuntiring.








